Surishtiruvchi, tergovchi olib qo‘yish chog‘ida qaror yoki ajrim bilan tanishtirganidan so‘ng olinishi lozim bo‘lgan narsa va hujjatlarni ixtiyoriy ravishda berishni taklif qiladi, taklif rad etilgan taqdirda majburiy ravishda oladi. Basharti bu narsa va hujjatlar olib qo‘yishni amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda ko‘rsatilgan joydan topilmasa, u holda tintuv o‘tkaziladi.Surishtiruvchi, tergovchi tintuv o‘tkazishga kirishayotganida qaror yoki ajrim taqdim etganidan so‘ng, olib qo‘yilishi kerak bo‘lgan narsa va hujjatlarni berishni taklif qiladi. Basharti ular ixtiyoriy ravishda berilsa, olib qo‘yish bayonnomasi tuziladi. Agar qidirilayotgan narsa yoki hujjatlar berilmasa yoxud to‘liq holda topshirilmagan bo‘lsa, tintuv o‘tkaziladi. Tintuv chog‘ida bu xususdagi qarorda yoki ajrimda ko‘rsatilgan narsa yoki hujjatlar qidiriladi va olinadi. Ish uchun ahamiyatga molik boshqa narsa yoki hujjatlar, shuningdek saqlanishi taqiqlangan ashyolar topilgan taqdirda, ular ham olib qo‘yilishi lozim. Surishtiruvchini, tergovchini bu narsa yoki hujjatlarni olib qo‘yishga undagan asoslar tintuv o‘tkazilganligi haqidagi bayonnomada aks ettiriladi.Olinayotgan narsa va hujjatlarning hammasi xolislarga, olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazishda ishtirok etgan boshqa shaxslarga ko‘rsatiladi, bayonnomada to‘liq aks ettiriladi, zarurat bo‘lgan taqdirda o‘ralib, muhrlanadi. O‘ralgan va muhrlangan narsa va hujjatlarni keyingi tergov davomida ochishga faqat xolislar ishtirokida yo‘l qo‘yiladi.Olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazish vaqtida yopiq binolarni yoki buyumlar saqlanadigan joyni uning egasi o‘z ixtiyori bilan ochib berishdan bosh tortsa, surishtiruvchining, tergovchining o‘zi ularni ochishga haqlidir. Bunda zarurat bo‘lmaganda qulflar, eshiklar va boshqa narsalarning shikastlantirilishiga yo‘l qo‘yilmasligi hamda uydagi saranjomlik buzilmasligi lozim.