Surishtiruv yoki dastlabki tergov vaqtida o‘tkazilgan tanib olish uchun ko‘rsatish to‘g‘risida bayonnoma tuziladi. Sud muhokamasida o‘tkazilgan tanib olish uchun ko‘rsatish sud majlisi bayonnomasida qayd qilinadi.Barcha hollarda bayonnomaga: tanib oluvchi, tanib olish uchun ko‘rsatish sharoiti, jarayoni va natijalari, tanib olish uchun ko‘rsatilgan shaxslar, ularning yoshi, bo‘yi, millati, turar joyi, ko‘zga tashlanuvchi belgilari, kiyimlari; tanib olish uchun ko‘rsatilgan narsalar tavsifi; tanib olish uchun ko‘chmas obyektlar ko‘rsatilganda esa, shuningdek tanib oluvchi ko‘rsatgan yo‘nalishlar va izlanayotgan obyektga biror aniq joydan borish yo‘llari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilishi lozim.