566-modda. Isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar。Oldingi tahrirga qarang.Jinoyat sodir etganidan keyin ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxsning jinoyati to‘g‘risidagi ish bo‘yicha shaxsda ruhiy holatining jinoyat sodir etganidan keyin yuzaga kelgan va jazoning qo‘llanilishini istisno etadigan tarzda buzilganligi isbotlanishi lozim.Aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etganlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan quyidagilar isbotlanishi lozim:1) ushbu Kodeks 82-moddasining 1, 2 va 5-bandlarida nazarda tutilgan holatlar;2) qilmishni sodir etgan paytida shaxsning ruhiy holati surunkali yoki vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoki ruhiy holatining boshqacha tarzda buzilganligi, bularning oqibatida u aqli norasolik holatida bo‘lganligi, ya’ni o‘z harakatlarining (harakatsizligining) ahamiyatini anglay olmaganligi yoki ularni boshqara olmaganligi;3) mazkur shaxsning surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi vaqtidagi ruhiy holati.Jinoyat sodir etganidan so‘ng ruhiy holati buzilgan shaxsning ishi bo‘yicha, xuddi shuningdek ijtimoiy xavfli qilmishni aqli norasolik holatida sodir etgan shaxsning ishi bo‘yicha shaxsning bundan buyongi xulq-atvori uning o‘zi va atrofdagilar uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi yoki mumkin emasligi, uning davolanishga muhtojligi yoki muhtoj emasligi, unga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilishiga zarurat borligini yoki yo‘qligini va aynan qanday choralar qo‘llash lozimligini hal qilish uchun asos bo‘ladigan holatlar isbotlanishi lozim.